Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

11 Iyun 2025

“Shargʻunkoʻmir” AJ va “Boysunkoʻmir” MChJlarni xususiylashtirishga tayyorlash va xususiylashtirish boʻyicha professional konsalting kompaniyasi jalb qilinadi

Tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Davlat aktivlari agentligi “Shargʻunkoʻmir” AJ ustav kapitalidagi 99,93 foiz aksiyalar paketi va “Boysunkoʻmir” MChJ ustav kapitalidagi 100 foiz ulushni (keyingi oʻrinlarda – Aktivlar) ommaviy savdolar orqali xususiylashtirishga tayyorlash va xususiylashtirish (keyingi oʻrinlarda – Loyiha) boʻyicha professional konsalting kompaniyasini (keyingi oʻrinlarda – Konsultant) jalb etish yuzasidan tanlov eʼlon qiladi.

 

Konsultant Aktivlarning tarmoq hamda individual xususiyatlaridan kelib chiqqan holda sohadagi institutsional investorlarni Aktivlarni sotib olishga boʻlgan qiziqishlarini oʻrganish asosida xususiylashtirish usuli, mexanizmlari va shartlarini ishlab chiqishi lozim.

 

Barcha qiziqish bildirgan talabgorlardan Taklif taqdim etish uchun soʻrovnomaga (RfP) asosan tijorat takliflarini 2025-yil 25-iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 18:00ga qadar tender@davaktiv.uz elektron pochtasiga taqdim etishlarini soʻraymiz.

 

Agar, birgalikda qoʻshma tijorat taklifi (konsorsium) taqdim etilsa, jalb qilingan sherik – konsultantning ham ishini muvofiqlashtirish uchun masʼul boʻlgan va javobgarlikni zimmasiga oladigan asosiy konsultant koʻrsatilishi lozim.

Konsultantlarning vakillari bilan bitim boʻyicha ishlar yaqin hamkorlikda, zarur hollarda esa, Aktivlarda qoʻshimcha loyiha guruhini tuzish orqali amalga oshirilishi mumkinligi maʼlum qilinadi.

 

Qoʻshimcha maʼlumotlar uchun quyidagi aloqa kanaliga murojaat qiling:

 

Astonaqulov Muzaffar Muxsin oʻgʻli – Davlat aktivlari agentligi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari: Tel.: +998-71-259-21-51; E-mail: tender@davaktiv.uz.

 

Diskleymer

 

Mazkur soʻrovnoma tijorat taklifini taqdim etish majburiyati hisoblanmaydi va Davlat aktivlari agentligiga taklifni qabul qilish yoki shartnoma tuzish majburiyatini yuklamaydi. Shunga koʻra, takliflar uchun ushbu soʻrovnomani eʼlon qilish va/yoki u bilan bogʻliq arizalarni olish, bir yoki bir nechta ishtirokchilar bilan muzokaralar va muhokamalar orqali shartnoma tuzishni nazarda tutmaydi.

Ushbu hujjatda keltirilgan materiallar va maʼlumotlar loyihaning faqat eng muhim tomonlarining dastlabki xulosasi va Konsultantdan xususiylashtirish boʻyicha kutilishi mumkin boʻlgan ishlar hajmi toʻgʻrisida umumiy maʼlumot sifatida xizmat qilishiga moʻljallangan.

Tanlov ishtirokchilari tanlov jarayoni bilan bogʻliq holda Davlat aktivlari agentligi uchun dastlabki taqdimotlar va takliflarni tayyorlashning yagona cheklangan maqsadidan tashqari, hech narsaga tayanolmaydilar va ishonmasliklari shart.

 

Aktivlarni xususiylashtirishga tayyorlash va xususiylashtirish boʻyicha konsultantni jalb qilish yuzasidan taklif taqdim etish uchun soʻrovnoma (RfP)

 Kirish

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PQ-145-son qaroriga muvofiq, “Shargʻunkoʻmir” AJ ustav kapitalidagi 99,93 foiz aksiyalar paketi va “Boysunkoʻmir” MChJ ustav kapitalidagi 100 foiz ulushni xususiylashtirilishi (keyingi oʻrinlarda – Bitim) belgilangan.

Sotish jarayonlari Aktivlarning tarmoq va individual xususiyatlaridan kelib chiqib Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi talablari doirasida eng maqbul xorijiy tajriba asosida tashkil etilishi lozim. Davlat aktivlari agentligi toʻgʻri qaror qabul qilishi uchun Aktivlarni (har bir korxona alohida) mustaqil baholash ishlarini amalga oshiradi.

Ushbu Taklif taqdim etish uchun soʻrovnoma (keyingi oʻrinlarda – Soʻrovnoma) Konsultantga qoʻyiladigan talablarni va uning baholanishi kerak boʻlgan taklifining tuzilishini, shuningdek, ushbu Soʻrovnomaning ilovasida Bitimni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha zarur ish hajmini tavsiflaydi. Konsultantlar konsorsiumga kirishlari yoki xizmatlarning toʻliq spektrini taqdim etish boʻyicha qoʻshma takliflar kiritishlari mumkin.

Konsultantlardan kutilayotgan takliflar tuzilmasi va ularga qoʻyiladigan talablar

 Konsultantning (individual arizachi yoki Konsorsium) taklifi oʻzbek/rus/ingliz tilida tayyorlanishi va quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi kerak:

a) Aktivlarni xususiylashtirish shartlari va jarayonini tashkillashtirish boʻyicha konsultantning kelgusidagi harakatlar ketma-ketligini va ish koʻlamini oʻz ichiga olgan rejasi. Konsultantning tavsiyalari va takliflariga qisqa vaqt ichida tegishli javob berilgan taqdirda, xususiylashtirish jarayonning davomiyligi boʻyicha xulosasi (10 ballgacha);

b) Tijorat taklifi ikki qismdan iborat (50 ballgacha)

  • Xizmat haqining qatʼiy qismi yagona raqam shaklida (QQS va boshqa xarajatlar bilan birga) boʻlishi va konsultantning subyektiv taxminlaridan holi boʻlishi lozim;
  • Taklif etilgan haq miqdori ishlab chiqilgan savdo strategiyasiga bogʻliq va Davlat aktivlari agentligi taklifning muvaffaqiyati uchun (“success fee”) mutanosib haq toʻlashni taʼminlaydigan takliflarga ustunlik beradi;
    Agar xizmat haqi narxlar oraligʻida berilgan boʻlsa, unda taklifni baholash uchun uning yuqori chegarasi qabul qilinadi. Qoʻshimcha joriy xarajatlar (xizmat safari, tarjima va boshqalar uchun) belgilangan qatʼiy qismiga kiritilishi kerak;

 

v) Shu toifadagi Aktivlarlar doirasida tuzilgan bitimlar yuzasidan konsultantlarning ish tajribasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek, oxirgi 5 yillik davrda xorijiy shu jumladan MDH mintaqasidagi mandatlar toʻgʻrisida maʼlumot (20 ballgacha);

g) Loyihani amalga oshirishdan kelib chiqib, Bitimni amalga oshirish yuzasidan ishlarni tashkil etish boʻyicha taklif. Taklif etilgan Bitimga jalb qilingan jamoa haqida maʼlumot, shaxslarning (jismoniy va yuridik) ismlari va ular haqidagi maʼlumotlar: ish tajribasi, faoliyat muddati, bitimlar tuzish boʻyicha umumiy tajriba va ularni amalga oshirish boʻyicha malakasi (20 ballgacha);

d) Qoʻyilgan vazifalarni bajarish uchun yetarli salohiyat va vakolatga egaligi, shuningdek, inson, vaqt va moddiy resurslarning mavjudligi toʻgʻrisida yozma ariza;

e) Manfaatlar toʻqnashuvi mavjud emasligi haqida maʼlumot. Maslahatchi ushbu savdoga jalb qilingan taqdirda ziddiyatlar olib kelishi mumkin boʻlgan hollarda potensial bitim boʻyicha salohiyatga ega ekanligini koʻrsatish.

 

Konsultantdan kutilayotgan ishlar hajmi 

I. Toshkoʻmir qazib olish sohasidagi investorlarning qiziqishini oʻrganish va boshqa tegishli xizmatlar bozorini tahlil qilish: 

  • Oʻzbekistonda va mintaqada sohani rivojlantirishdagi sharoitlarni va bozor tahlili, soha korxonalarini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar;
  • sohadagi institutsional investorlarning Aktivlarni sotib olishga boʻlgan qiziqishini oʻrganish asosida sotish shakli, usuli va shartlarini ishlab chiqish;
  • boshqa (jumladan, qoʻshni) davlatlarda mazkur sohada amalga oshirilgan xususiylashtirish tajribasi tahlili, ushbu turdagi Aktivlarning xususiylashtirishdagi muvaffaqiyatsizliklarining asosiy sabablari, kelgusida sohani rivojlantirish va muvaffaqiyatli xususiylashtirishni taʼminlovchi omillar;
  • amalga oshirilgan tahlillar asosida Aktivlarning xususiylashtirish jarayonlarini muvaffaqiyatli tashkillashtirish uchun lozim boʻlgan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi.

 

II. Aktivlarni sotishdan oldin tayyorlash boʻyicha maslahatlar: 

  • Aktivlarning investitsiya jozibadorligini oshirish, eng ilgʻor amaliyotlar va oʻxshash (analog) Aktivlarning tahlili asosida tuzilma va boshqaruvni takomillashtirish boʻyicha takliflar;
  • Oʻzbekiston Respublikasi toshkoʻmir qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya va ruxsat berish tusiga ega hujjatlarni berish shartlarini tahlili;
  • Aktivlarning har tomonlama (soliq, huquqiy, moliyaviy va ekologik) chuqur tahlilini oʻtkazish (due diligence) (har biri boʻyicha alohida);
  • optimal marketing strategiyasi boʻyicha tavsiyalar, marketing materiallarini tayyorlash (tizer, info-memorandum, jarayon xati (Process letter) va boshqalar) va investorlar oʻrtasida axborot materiallarini tarqatish orqali muloqot oʻrnatish;
  • marketing materiallarini tayyorlash, shu jumladan investitsiya videolari, tarqatma materiallar va boshqalar;
  • jamoatchilik va tadbirkorlik subyektlari bilan aloqa oʻrnatish boʻyicha tavsiyalar taqdimoti, ularning savollariga javoblar;
  • baholash uslubini toʻgʻri tanlash va ularning investorlar uchun dolzarbligini belgilash, narx diapazoni boʻyicha tavsiyalarni taqdim etish;
  • investor nuqtayi nazaridan baholashga taʼsir etuvchi asosiy omillar, asosiy koʻrsatkichlar va taxminlarni aniqlash;
  • loyiha doirasida boshqa malakali konsultantlarni jalb etish (zarur boʻlgan hollarda) va ularning ishini muvofiqlashtirish.

 

III. Bitim jarayoniga hamrohlik qilish: 

  • Aktivlarni xususiylashtirishga qaratilgan barcha choralarni koʻrish, virtual maʼlumotlar xonasi (VDR)ni tashkil etish;
  • barcha zarur hujjatlarni, jumladan, oldi-sotdi shartnoma loyihasini (oʻzbek tiliga tarjimasi bilan, kerak boʻlsa rus va ingliz tillarida ham) tayyorlash bilan birga sotish jarayonida hamrohlik qilish;
  • Bitimni eʼlon qilish va yopishni tashkillashtirish.

 

(1) Agar ariza konsorsium tomonidan taqdim etilgan taqdirda, konsorsium boʻyicha kelishuvni taqdim etish, shuningdek, muvofiqlashtiruvchi asosiy maslahatchi (odatda konsorsium rahbari deb ataladi) koʻrsatish lozim. Ushbu holatda xizmatlarning umumiy qiymati koʻrsatilishi kerak.

(2) Agar konsultantlarning takliflari “a”, “v” va “g” bandlarida koʻrsatilgan talablardan kelib chiqib 30 balldan kam baholansa, “b” bandida nazarda tutilgan baholash balli qoʻllanilmaydi.

(3) Agar jamiyat ishtirokchilaridan birortasi tomonidan ulushni sotib olishda imtiyozli huquqdan foydalanilgan hollarda, jalb etilgan konsultantga qoʻshimcha kelishuv imzolash orqali faqatgina yuridik koʻmak uchun toʻlovlar amalga oshiriladi.

82 Chop etish