Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

06 Mart 2025

“Milliy libos – millat gʻururi” shiori ostidagi davra suhbati

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi binosida “Diniy bagʻrikenglik – dunyoviy davlatda tinchlik va taraqqiyot kaliti” mavzusida “Milliy libos – millat gʻururi” shiori ostida davra suhbati tashkil etildi. Mazkur tadbir Agentlikning markaziy apparati, hududiy boshqarmalari va tizim tashkilotlari vakillari ishtirokida boʻlib oʻtdi.

Davra suhbatida oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi masʼul xodimi Meliqoʻziyev Jahongir Valijonovich hamda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi katta oʻqituvchisi Abdufattohov Moʻmin Mirzo Murodjon oʻgʻli ishtirok etdi.

Tadbir boshida yurtimizda milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, rivojlantirish, oʻzbek xalqining milliy boy madaniy merosini keng targʻib qilish hamda madaniy saviyani yuksaltirish, hayotimizda milliy anʼanalarimizning oʻrnini mustahkamlash har bir xodimning fuqarolik burchi hisoblanishi maʼlum qilindi.

Shu munosabat bilan, Davaktiv agentligi direktorining buyrugʻiga asosan, tizimda haftaning har juma kuni – “Milliy liboslar kuni” etib belgilanganligi hamda mazkur tashabbus asosida tizim xodimlari ish joylarida milliylikni targʻib qiluvchi liboslarda boʻlish orqali shaxsiy namuna koʻrsatishi maqsadga muvofiqligini taʼkidlandi.

Maʼruzachilar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida Oʻzbekiston boshqaruvning respublika shakliga ega boʻlgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekanligi, hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida oʻrnatilishi mumkin emasligi belgilanganligi, bu esa, jamiyatda vijdon erkinligi, qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolatni, inson huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini samarali taʼminlashga qaratilganligi bilan ahamiyatli ekanligini eslatib oʻtdi.

Mamlakatimizda diniy bagʻrikenglikni taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar, bu borada davlat xizmatchisining huquq va majburiyatlari haqida tegishli tushuntirishlar bergan holda diniy bagʻrikenglik – millatlararo totuvlikning garovi hisoblanadi. Aynan ushbu yoʻnalishda mamlakatamizda ijobiy ishlar amalga oshirilayotganligi va qonunchilik hujjatlari bilan alohida tartibga solinganligi, natijada mavjud 16 ta din vakillari emin-erkin yashab kelayotganliklari va ularga eʼtiqod qilishlari uchun qulay shart-sharoit yaratilgan.

Shu bilan birga, qonunchilik hujjatlariga muvofiq, fuqaro dinga eʼtiqod qilishga yoki eʼtiqod qilmaslikka, ibodatlarda, diniy rasm-rusumlar va marosimlarda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka, diniy taʼlim olishga nisbatan oʻz munosabatini belgilayotganda uni u yoki bu tarzda majburlashga yoʻl qoʻyilmasligi haqida maʼlumot berildi.

Tadbir soʻngida, ishtirokchilar hamda xodimlar oʻrtasida savol-javoblar boʻlib oʻtdi hamda maʼruzchilar tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar ishtirokchilar tomonidan ijobiy qabul qilinganligi eʼtirof etildi.

55 Chop etish